Microsoft "Code Red" e'lon qildi, Huawei aybdor topildi va yana 8 yangilik
Bugun yangiliklarning ko'pi "nimadir buzildi" degan mavzuda: Microsoft 24 soatlik uzilishdan keyin ichkarida "Code Red" e'lon qildi, internetda parolsiz turgan ikki bazadan 3,5 mlrd yozuv chiqdi, kemalarga kiber hujum qilingani haqida yangi xabarlar keldi. Shu bilan birga Tidal AI musiqaga eshikni yopdi, Uber robotaksilari esa haydovchisiz yura boshladi.
Bugun postda:
- Microsoft rekord uzilishdan keyin "Code Red" e'lon qildi
- AQSH sudi Huawei'ni 12 ta ayblovdan 10 tasi bo'yicha aybdor deb topdi
- Ikki ochiq bazada 3,5 mlrd login, parol va hujjat topildi
- Tidal to'liq AI yasagan musiqani o'chiradi
- Xiaomi'ning sof foydasi 68% tushdi: aybdor xotira narxi
- Uber, Nuro va Lucid robotaksilari haydovchisiz sinovga chiqdi
- Ariane 6 yana 36 ta Amazon Leo yo'ldoshini uchirdi
- Claude artifact'larini Mac va Windows ilovasiga aylantirish mumkin
- Threads iPad'ga keldi, Muse esa Instagram DM'ga
- AQSH 50 tagacha tanker buzilganini tekshirmoqda
1. Microsoft rekord uzilishdan keyin "Code Red" e'lon qildi

Bir kun pochtasiz qolish katta kompaniyaga qanchaga tushishini Microsoft endi juda yaxshi biladi.
Reuters ko'rgan ichki xatlarga ko'ra, Microsoft 12–13-noyabrdagi uzilishdan keyin "Code Red" e'lon qildi. Bu kompaniyadagi eng jiddiy ogohlantirish darajasi: qolgan ishlar chetga suriladi, hamma kuch muammoni tuzatishga qaratiladi. O'sha kuni Exchange Online, Outlook, Teams, Copilot va boshqa Microsoft 365 xizmatlari taxminan 24 soat ishlamagan edi. Avstraliya va Yaponiyadan AQSHgacha davlat idoralari, treyding firmalari va aviakompaniyalar aloqasiz qolgan. Uzilishning birinchi soatlari haqida 13-noyabrda yozgan edik, bu uning davomi.
Microsoft aybni iyulda kiritilgan va oylab sezilmay yotgan Windows'dagi scalability bug'iga qo'ydi. Kompaniya kiberhujum yoki AI agentlarning bunga aloqasi yo'qligini aytdi, Satya Nadella esa ochiq uzr so'radi.
M365 Core prezidenti Jason Henderson xodimlarga yozgan xatida buni Exchange Online tarixidagi mijozlarga eng ko'p zarar yetkazgan hodisa deb atadi: hech qachon bunchalik ko'p mijoz bunchalik uzoq pochtasiz qolmagan.
"Code Red means that this is the highest priority work for our team." — Jason Henderson
Ya'ni, hozir jamoa uchun bundan muhimroq ish yo'q.
Ichki "oshxona" ham qiziq. Korporativ vitse-prezident Amanda Silver yozishicha, muhandislar "fog of war" ichida, ya'ni nima bo'layotganini to'liq ko'rmay ishlagan. Ular 11 ta Teams chatida 11 000 dan ortiq xabar almashgan, diagnostika ma'lumotlari esa turli ichki tizimlarga sochilib ketgan edi. Copilot bo'limi rahbari Charles Lamanna buzilgan komponent "roughly ten years' worth of acceptable failures", ya'ni o'n yilda bo'ladigan "normal" xatolarni bir yo'la boshdan kechirganini aytgan.
Reja quyidagicha:
| Nima | Maqsad |
|---|---|
| Ish yo'nalishlari | 5 ta: load shedding, trafikni hududlarga bo'lish, tezroq tiklanish |
| Global uzilishni tuzatish vaqti | 1 soat ichida |
| Shoshilinch patch tarqalishi | Hozir 5–6 kun, maqsad 1 soat |
| Diagnostika | Muhandislarga yordam beradigan AI agentlar |
| Nazorat | Har kuni yig'ilish, har hafta hisobot |
Henderson o'zi ham tan oldi: "yillar davomida qilingan ishlar payshanba kuni bizni himoya qila olmadi". Microsoft 365 dunyo bo'yicha yuz millionlab ish joyida pochta va chatning asosi. Shuning uchun bu "Code Red" faqat Redmond ichidagi ish emas, uning natijasini hamma sezadi.
Manba: Reuters (The Star orqali), The Next Web, Interesting Engineering
2. AQSH sudi Huawei'ni 12 ta ayblovdan 10 tasi bo'yicha aybdor deb topdi

2018-yilda boshlangan ish nihoyat hukmga yetdi.
Nyu-Yorkning Bruklin federal sudida hakamlar hay'ati Huawei'ni 10 ta modda bo'yicha aybdor deb topdi: bank firibgarligi, wire fraud, sanksiyalarni buzish va Amerika kompaniyalaridan tijorat sirlarini o'g'irlash uchun til biriktirish. Prokurorlar fikricha, Huawei Erondagi biznesini mustaqil hamkor sifatida ko'rsatilgan Skycom orqali yuritgan va shu haqda banklarni aldagan. Eng og'ir ayblov, ya'ni kompaniya jinoiy uyushma sifatida ishlagani (racketeering) va odil sudlovga to'sqinlik qilish bo'yicha esa oqlandi.
Sud ikki oydan ko'proq davom etdi: ayblov tomoni 60 dan ortiq, himoya 15 ta guvoh chaqirdi. Jazo 2027-yil 14-sentyabrda e'lon qilinadi. Huawei'ning advokati Brian Heberlig racketeering bo'yicha oqlov kompaniyaning "good-faith compliance culture"ini tasdiqlaganini aytdi va "We fully expect to appeal", ya'ni apellyatsiya berishini ma'lum qildi. Ba'zi nashrlar kompaniyaga milliardlab dollar jarima solinishi mumkinligini yozmoqda. Huawei esa bu yillar davomida AQSH sanksiyalari ostida ham AI chiplari bo'yicha Xitoyning asosiy o'yinchisiga aylanib ulgurdi.
Manba: CNN, The Korea Times (AP)
3. Ikki ochiq bazada 3,5 mlrd login, parol va hujjat topildi

Parolingiz biror joyda "yotgan" bo'lishi ehtimoli yana oshdi.
WIRED'ga ko'ra, ikki xavfsizlik tadqiqotchisi deyarli bir vaqtda internetda hech qanday parolsiz ochiq turgan ikkita alohida baza topgan. Birinchisini Black Hills Information Security'dan Jeremiah Fowler topdi: unda taxminan 2 mlrd login bor edi. Email, username, parollar, cookie va session token'lar 8 471 ta davlat nomidagi papkaga ajratilgan. Bu ma'lumotlar infostealer zararli dasturlari, ya'ni kompyuterga tushib, unda ishlatilgan barcha loginlarni yig'adigan dasturlar orqali to'plangan. Fowler bu o'zi ochiq bazada ko'rgan eng katta to'plam ekanini aytdi.
Ikkinchisini UpGuard'dan Greg Pollock topdi: 1,64 mlrd hujjat, asosan Xitoy fuqarolariga oid. Ichida kamida 840 mln noyob ID raqam, 300 mln telefon raqami, 11 mln talaba yozuvi va 8 mln ga yaqin korxona ma'lumoti bor edi. Har ikki bazaning egasi topilmadi, ikkalasi ham hozir yopiq. 3,5 mlrd odam soni emas, yozuvlar soni, takrorlar hali sanalmagan. Lekin xulosa o'zgarmaydi: bir xil parolni bir nechta saytda ishlatsangiz, uni hoziroq almashtiring va 2FA yoqing.
Manba: WIRED, Startup Fortune
4. Tidal to'liq AI yasagan musiqani o'chiradi

Stream xizmatlari orasida birinchi bo'lib katta o'yinchi AI musiqaga "yo'q" dedi.
Tidal 9-dekabrdan boshlab 100% AI yasagan treklarni katalogdan o'chiradi. Distributorlar bunday treklarni yetkazib bera olmaydi, metadata'da "to'liq AI bilan yaratilgan" deb yozilgan yuklamalar esa avtomatik rad etiladi. AI yordamida, lekin odam ishtirokida yozilgan qo'shiqlarga ruxsat qoladi.
Raqamlar sababni yaxshi tushuntiradi: so'nggi 90 kunda Tidal'ga yuklangan treklarning 43 foizi to'liq AI yasagan, 6-noyabrning o'zida esa bu ko'rsatkich 60 foizga yetgan. Katalogdagi 27 mln ga yaqin AI trekning 96 foizi bironta ham tinglanmagan. Tidal yil oxirigacha 29 mln dan ortiq qo'shiqni o'chirishni va har kuni 80–85 mingtagacha trekni rad etishni kutmoqda. Spotify va Apple Music hozircha AI treklarni faqat belgilaydi yoki tavsiyalardan olib tashlaydi, to'liq taqiq faqat Bandcamp'da bor edi.
Manba: TechCrunch, The Hollywood Reporter
5. Xiaomi'ning sof foydasi 68% tushdi: aybdor xotira narxi

AI data center'lar xotira chiplarini "yeyapti", buning narxini esa smartfon ishlab chiqaruvchilar to'layapti.
Xiaomi iyul–sentyabr choragida 107,2 mlrd yuan (~$16,1 mlrd) daromad qildi, bu o'tgan yilgidan 5,2% kam va ketma-ket uchinchi pasayish. Sof foyda 68,4% tushib, 3,9 mlrd yuan bo'ldi. Kompaniya hisobotida xotira kabi asosiy komponentlar qimmatlashishda davom etgani va raqobat kuchaygani yozilgan.
Smartfon jo'natmalari 29,1% kamayib 30,7 mln ga tushdi, lekin o'rtacha narx 39,8% oshib, rekord 1 486 yuanga chiqdi. Xiaomi arzon modellarni ataylab kamaytirganini aytmoqda. Avtomobil va AI bo'limi 3,4 mlrd yuan operatsion zarar ko'rdi, 100 975 ta mashina yetkazildi (7% kam). Eng muhimi xaridorlar uchun: prezident Lu Weibing xotira narxlari 2027-yilning birinchi yarmigacha baland qolishini aytdi. Ya'ni arzon va o'rta segmentdagi telefonlar yana qimmatlashishi mumkin.
Manba: The Next Web, Startup Fortune
6. Uber, Nuro va Lucid robotaksilari haydovchisiz sinovga chiqdi

Uber o'zining robotaksi loyihasini yopganiga ancha bo'ldi, endi u boshqa yo'l bilan qaytmoqda.
Uber, Nuro va Lucid San-Fransisko ko'rfazi hududida, Palo Alto, Mountain View, Los Altos va Sunnyvale shaharlarida Lucid Gravity SUV'larini rulda xavfsizlik haydovchisisiz sinashni boshladi. Tez orada xodimlar uchun safarlar ochiladi, oddiy yo'lovchilar uchun tijoriy xizmat esa 2027-yilning birinchi choragida ishga tushadi. Dastlab 2026-yil oxiri rejalashtirilgan edi, ya'ni bir oz kechikish bor.
Har bir mashinada Nuro'ning Level 4 "Nuro Driver" tizimi, kameralar, solid-state lidar va radar o'rnatilgan, tomidagi LED "halo" esa yo'lovchining ismining bosh harflarini ko'rsatadi. Lucid 100 dan ortiq yangilangan Gravity yetkazib berdi. Uber Lucid'ga $500 mln, Nuro'ga qariyb $500 mln sarfladi va kamida 35 000 ta mashina sotib olishga va'da bergan. Raqobatchilar ham shu yerda: Waymo va Zoox xuddi shu hududda allaqachon ishlayapti.
Manba: The Verge, TechCrunch
7. Ariane 6 yana 36 ta Amazon Leo yo'ldoshini uchirdi

Vulcan muvaffaqiyatsizligidan 9 kun o'tib, Amazon'ning sun'iy yo'ldosh internet loyihasi yana oldinga yurdi.
24-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan 08:14 da Fransuz Gvianasidagi Kuru kosmodromidan to'rt kuchaytirgichli Ariane 64 raketasi 36 ta Amazon Leo yo'ldoshini ~460 km balandlikdagi orbitaga olib chiqdi. Missiya 2 soat 4 daqiqa davom etdi. Bu Ariane 6'ning 10-parvozi, Arianespace esa shu yilning o'zida Amazon uchun 136 ta yo'ldosh uchirdi.
Endi orbitadagi Amazon Leo yo'ldoshlari soni 400 dan oshdi. Eslatib o'tamiz, 17-noyabrda ULA'ning Vulcan raketasi 40 ta yo'ldosh bilan orbitaga chiqa olmagan edi. Shu fonda Yevropa raketasi Amazon uchun eng ishonchli "taksi"ga aylandi: sentyabrda kompaniya yana 6 ta Ariane 64 parvoziga buyurtma bergan.
Manba: Arianespace, Via Satellite
8. Claude artifact'larini Mac va Windows ilovasiga aylantirish mumkin

Chatda yasagan kichik vositangiz endi Dock'da o'z ikonkasi bilan turishi mumkin.
Anthropic Claude for Mac va Windows'ga "Install as app" funksiyasini beta sifatida qo'shdi. Claude'da yasalgan artifact (masalan, kalendar va pochtadan ma'lumot oladigan uchrashuvga tayyorgarlik sahifasi yoki kunlik buyurtmalar trekeri) endi alohida oynada ochiladigan desktop ilova bo'lib o'rnatiladi. U bildirishnoma yuborishi, menu bar yoki system tray'ga element qo'shishi, Claude va connector'lardan foydalanishi mumkin. Artifact tahrirlanganda ilova ham avtomatik yangilanadi.
Package qilish, sign qilish yoki API key kerak emas: Share menyusidan "Install as app" bosiladi, xolos. Har bir ilovaga ruxsatlarni o'zingiz berasiz va har update'dan keyin Claude ruxsatni qayta so'raydi. Anthropic ilovalarni oldindan tekshirmaydi, shuning uchun to'liq ruxsatni faqat ishonchli ilovalarga bering. Funksiya barcha tariflarda chiqyapti, ilovaning Claude'ga so'rovlari esa tarif limitidan hisoblanadi.
9. Threads iPad'ga keldi, Muse esa Instagram DM'ga

Instagram iPad'ga 15 yilda yetib kelgandi, Threads esa ancha tezroq ulgurdi.
Meta Threads'ning iPad versiyasini chiqardi. Portret rejimida yaxshi ishlaydi, lekin landshaftda ham bitta ustunli lenta qoladi, veb-versiyadagi ko'p ustunli ko'rinish yo'q, bu ko'pchilikning hafsalasini pir qildi. Shu yangilanishda X'dan olingan yana bir narsa keldi: cashtag'lar. $ va ticker yozsangiz (masalan, $AAPL), aksiya haqidagi muhokamalar, jonli narx va grafik chiqadi. NYSE va Nasdaq aksiyalari, ETF'lar va kriptovalyuta qo'llab-quvvatlanadi. Meta ma'lumotlariga ko'ra, Threads'ning oylik auditoriyasi 500 mln dan oshgan.
Instagram'ning o'zida esa AI agent Muse to'g'ridan-to'g'ri DM'ga keldi. Unga post yuborib, kafeni sayohat rejasiga qo'shishni yoki Black Friday chegirmasini topishni so'rash mumkin. Saqlangan reels'dan xaridlar ro'yxati yoki sayohat rejasi ham tuzib beradi. Hozircha AQSH, Kanada, Meksika, Yaponiya va Singapurda ishlaydi.
Manba: TechCrunch (Threads), Innovation Village, TechCrunch (Muse)
10. AQSH 50 tagacha tanker buzilganini tekshirmoqda

Kiberhujum endi faqat serverlar uchun xavf emas: navigatsiya tizimi buzilgan kema ham bor.
The Wall Street Journal xabariga ko'ra, AQSH rasmiylari so'nggi haftalarda neft, suyultirilgan gaz va kimyoviy moddalar tashiyotgan 50 tagacha kema kiber hujumga uchragan bo'lishi mumkinligini tekshirmoqda. Ba'zi kemalarga portlatish bilan tahdid qilingan. Rasmiylar Eronni asosiy gumondor deb bilmoqda, Rossiya ham ehtimoldan chetda emas. Biroq ma'muriyatdagi bir rasmiy Haaretz'ga Eron izi bo'yicha dalil yo'qligini aytgan, shuning uchun aybdor hali aniq emas.
TechCrunch'ga ko'ra, hujumchilar "FortiBleed" deb atalgan zaiflikdan foydalangan bo'lishi mumkin: u kemalarda ishlatiladigan Fortinet router'lari orqali tarmoqqa kirishga imkon beradi. FBI va Qirg'oq qo'riqlash xizmati sentyabrdayoq bu haqda ogohlantirgan edi. Kemalarda avtomatika buzilsa, qo'lda boshqarish imkoni bor. Sentyabrda AQSHga ketayotgan ikki tankerga hujum haqida yozgan edik, endi hujumlar ko'lami ancha kattaroq ko'rinmoqda.
Manba: TechCrunch, NPR, gCaptain (Reuters)
Xulosa
Kunning umumiy xulosasi oddiy: infratuzilma biz o'ylagandan mo'rtroq. Microsoft'da iyulda kiritilgan bitta bug noyabrda butun dunyoni pochtasiz qoldirdi, infostealer'lar milliardlab loginni yig'ib, ochiq serverda qoldirdi, kemalar esa router orqali buziladi. Yaxshi tomoni ham bor: Ariane 6 ishonchli uchyapti, robotaksilar haydovchisiz yurmoqda, Tidal esa AI "shovqini"ga qarshi birinchi bo'lib keskin qadam qo'ydi. Bugun qilish kerak bo'lgan bitta amaliy ish: parollaringizni tekshiring.