FBI va USDA buzildi, CrowdStrike Zscaler'ni olmoqchi va yana 7 yangilik

Bir haftada AQSH hukumatining ikkita yirik tizimi xakerlar qo'liga tushdi: FBI'ning jinoyatchilar bazasi va farmerlarga pul to'laydigan USDA tizimi. Biznes dunyosida ham dam olish kuni bo'lmadi: CrowdStrike Zscaler'ni sotib olmoqchi, Amazon esa $7,5 mlrd'lik AI xaridiga yaqin. Microsoft esa millionlab odam ishlatadigan To Do ilovasini yopadi.

Bugun postda:

1. FBI va AQSH Qishloq xo'jaligi vazirligi bir haftada buzildi

FBI shtab-kvartirasi, Vashington. Rasm: Wikimedia Commons AQSH Qishloq xo'jaligi vazirligi (USDA) binosi, Vashington. Rasm: Wikimedia Commons Hukumat tizimlariga kiberhujum, illyustratsiya. Rasm: The Verge

AQSHning eng muhim davlat tizimlarida xavfsizlik kuzda yomonlashib bormoqda, va bu hafta ro'yxatga yana ikki nom qo'shildi.

CNN 20-noyabrda ikki manbaga tayanib xabar berishicha, xakerlar FBI'ning National Crime Information Center (NCIC) bazasiga kirgan. Bu oddiy ichki tizim emas: AQSHdagi federal, shtat va mahalliy politsiya undan qidiruvdagi odamlar, order (hibsga olish qarori), bedarak yo'qolganlar va background check ma'lumotlarini almashish uchun foydalanadi. Ya'ni AQSH politsiyasi har kuni tayanadigan asosiy baza. Keyinroq buzilishni AQSH prezidenti Fox News'ga bergan intervyusida tasdiqladi.

Xuddi shu kuni NBC News Qishloq xo'jaligi vazirligi (USDA) ham buzilganini yozdi. Xakerlar farmerlarga to'lovlarni o'tkazadigan tizimga kirgan, vazirlik xodimlarni payshanba kuni xabardor qilgan. USDA'ning ayrim tizimlari "kiberxavfsizlik hodisasi" sababli o'chirib qo'yilgan. Sobiq rasmiylar ogohlantirishicha, hozircha ma'lum bo'lgan zarar faqat to'lovlar bazasi, lekin u orqali oziq-ovqat xavfsizligi va hayvonlardan yuqadigan kasalliklar bo'yicha tadqiqotlar kabi sezgir ma'lumotlarga ham yo'l ochilishi mumkin.

Ikki hujum bir-biriga bog'liqmi, kim ortida turibdi, hozircha noma'lum. Ikkala idora ham tergov olib bormoqda. Kontekst esa yaxshi emas: sentabrda FBI'ning barcha xodimlari va nomzodlari haqidagi ma'lumotlar sizib chiqqani xabar qilingan, oktabrda DHS'dan 40 000 xodim yozuvi o'g'irlangan. Shu oyning o'zida FAA butun mamlakat bo'ylab parvozlarni to'xtatdi, NSA'ning ichki tarmog'i bir necha kun ishlamadi (hukumat ular hujum emasligini aytmoqda), Milliy kiber direktor esa lavozimidan ketdi.

Bitta davlatning politsiya bazasi va moliyaviy tizimi bir haftada buzilishi, kiberxavfsizlik endi "IT bo'limining muammosi" emasligini yana bir bor eslatadi.

Manba: The Verge, CNN, NBC News, Engadget

2. CrowdStrike Zscaler'ni sotib olmoqchi: $265 mlrd'lik kiberxavfsizlik giganti

CrowdStrike bosh direktori George Kurtz. Rasm: IBTimes

Kiberxavfsizlik bozorida tarixdagi eng katta bitimlardan biri pishmoqda.

Bloomberg 20-noyabrda manbalarga tayanib xabar berishicha, CrowdStrike Zscaler'ni sotib olish bo'yicha muzokara olib bormoqda. Xabardan keyin Zscaler aksiyalari savdodan tashqari vaqtda 18 foizga ko'tarildi, CrowdStrike'niki esa 8 foizdan ko'proq tushdi. Bozor xaridor bu bitim uchun qimmat to'lashidan xavotirda.

Raqamlar katta: CrowdStrike bu yil aksiyasi qariyb ikki baravar o'sib, $235 mlrd'ga baholanmoqda, Zscaler'ning bozor qiymati esa taxminan $32 mlrd. Birlashgan kompaniya $265 mlrd turadi va bozor qiymati bo'yicha Palo Alto Networks'ga ($282 mlrd) yaqinlashadi. Taqqoslash uchun: Google o'tgan yili Wiz'ni $32 mlrd'ga, Cisco 2024-yilda Splunk'ni ~$28 mlrd'ga sotib olgan edi.

Kompaniyalar bir-birini to'ldiradi: CrowdStrike kompyuter va serverlarni himoya qilish (endpoint security) bo'yicha yetakchi, Zscaler esa zero trust (har bir ulanishni tekshiradigan) tarmoq kirishi bilan mashhur. Ular sentabrda hamkorlikni kengaytirgan edi. CrowdStrike izoh bermadi, bitim hali e'lon qilinmagan va muzokaralar barbod bo'lishi ham mumkin.

Manba: IBTimes, Unite.AI

3. Amazon AI startap Decart'ni $7,5 mlrd'ga sotib olishga yaqin

Decart logotipi. Rasm: Decart

Ikki yoshli startap uchun yomon narx emas.

Financial Times 21-noyabrda yozishicha, Amazon Decart'ni sotib olish bo'yicha muzokaralarning yakuniy bosqichida. Bitim taxminan $7,5 mlrd bo'lishi va keyingi haftadayoq e'lon qilinishi mumkin. Narx naqd pul, aksiya va natijaga bog'liq to'lovlardan (earnout) iborat bo'ladi. Ba'zi tahlilchilar e'lonni 30-noyabrda boshlanadigan AWS re:Invent konferensiyasiga kutishmoqda.

Decart 2023-yilda Isroillik uch muhandis tomonidan asos solingan. U real vaqtda video yaratadigan Lucy va interaktiv olamlar quradigan Oasis world model'lari bilan tanilgan. Lekin Amazon uchun asosiysi boshqa narsa: Decart'ning AI modellarni turli chiplarda, jumladan Amazon'ning o'z Trainium chiplarida samarali ishlatadigan optimizatsiya dasturi. Amazon Nvidia'ga qaramlikni kamaytirishga yillardan beri urinadi, va bu xarid shu yo'ldagi katta qadam bo'ladi.

Qiziq tafsilot: may oyida Decart $4 mlrd'ga baholangan edi, ya'ni yarim yilda qiymati qariyb ikki baravar oshdi. Undan oldin startapni Nvidia ham, Anthropic ham ko'rib chiqqan: Anthropic bilan ~$6 mlrd'lik muzokara sentabrda to'xtagan.

Manba: TradingView / Seeking Alpha, Crypto Briefing

4. Microsoft To Do yopiladi: shaxsiy akkauntlarga muqobil yo'q

Microsoft To Do ilovasi turli qurilmalarda. Rasm: 9to5Google / Microsoft

Wunderlist'ning so'nggi merosi ham tarixga aylanmoqda.

Microsoft shu hafta Ignite konferensiyasi doirasida To Do ilovalari 2027-yil 30-iyunda yopilishini e'lon qildi: Windows, Mac, iOS, Android va web versiyalari. Kompaniya vazifalarni boshqarishni bitta joyga, Planner'ga yig'moqchi va buni "odamlar va agentlar uchun yagona platforma" deb ataydi.

Muammo shundaki, Planner faqat ish va o'qish (Microsoft 365 korporativ) akkauntlarida ishlaydi. Oddiy Microsoft akkauntidan foydalanadiganlar, hatto Microsoft 365 Personal va Family obunachilari ham, boshqa ilova tanlashi kerak. Microsoft'ning o'zi shunday yozgan: "Customers using personal Microsoft accounts will need to choose another app." Ya'ni, shaxsiy foydalanuvchilar o'zlariga boshqa ilova topishi kerak bo'ladi.

Eski vazifalar Planner'ga avtomatik ko'chmaydi. Microsoft ma'lumotlarni eksport qilish vositasini va'da qilgan, lekin qo'llanma hali yo'q. Planner'da To Do'dagi ba'zi qulayliklar ham bo'lmaydi: desktop ilova, vazifalarga fayl biriktirish va ro'yxat guruhlari.

Eslatib o'tamiz, Microsoft 2015-yilda mashhur Wunderlist'ni $100–200 mln'ga sotib olgan, keyin uni yopib, o'rniga To Do'ni chiqargan edi. Endi navbat To Do'ga keldi. Todoist, TickTick yoki Apple Reminders'ga ko'chishni hozirdan rejalashtirgan ma'qul.

Manba: 9to5Google, The Register, Microsoft Support

5. 2 mln "tuzoq" prompt: AI router'lar maxfiy ma'lumotlarni sizdirmoqda

AI ta'minot zanjiridagi maxfiylik muammosi, illyustratsiya. Rasm: Ars Technica

Prompt'ingizga API kalit yoki parol qo'shib yuborsangiz, u qayerga borib qolishini bilasizmi?

Dragos kompaniyasining bosh tadqiqotchisi, Metasploit muallifi sifatida tanilgan HD Moore buni sinab ko'rdi. U OpenRouter va Vercel kabi AI router'lar (prompt'ni eng arzon yoki eng mos model provayderiga yo'naltiradigan vositachi xizmatlar) orqali qariyb 2 mln prompt yubordi. Har bir prompt ichida faqat bitta joyga yuborilgan noyob "kanareyka" bor edi: bo'sh AWS akkauntlarining ishlaydigan kalitlari, SSH parollar, maxsus URL'lar. Agar kalit kimdir tomonidan ishlatilsa, u aynan qaysi provayderdan sizganini ko'rsatadi.

Natija xavotirli. Kamida uchta AI provayder buzilgan bo'lib chiqdi: hujumchilar ular qabul qilgan prompt'larni nusxalab olgan va o'g'irlangan kalitlar o'n minglab marta ishlatilgan, ba'zilari bir necha soat ichida. Ba'zi reseller'lar prompt'larni log qilib, boshqalarga uzatgan. "Zero Data Retention" (ma'lumot saqlanmaydi) belgisi qo'yilgan so'rovlar ham sizgan.

"We sent nearly two million AI prompts containing unique, trackable secrets to AI providers, then watched where those secrets surfaced." — HD Moore

21-noyabrda OpenRouter mijozlariga xat yubordi: muammo Xitoyning MiniMax modeliga to'g'ridan-to'g'ri va uchta reseller (AtlasCloud, Novita, StreamLake) orqali yuborilgan prompt'larda aniqlangan. MiniMax endpoint'laridan ZDR belgisi olib tashlandi. Dasturchilarga xulosa oddiy: maxfiy kalitlarni hech qachon prompt'ga qo'shmang, agentlarga esa faqat cheklangan, tez almashtiriladigan kalitlar bering.

Manba: Ars Technica, Dragos

6. Samsung Galaxy A smartfonlari 19 foizgacha qimmatlashadi

Samsung Galaxy A17 smartfoni. Rasm: 9to5Google

Arzon va yaxshi Samsung davri tugab bormoqda.

Koreyaning SEDaily nashri xabariga ko'ra, Samsung Galaxy A seriyasidagi 8 ta model narxini oshiradi. Eng katta sakrash Galaxy A17'da bo'ladi: 18,6 foiz, ya'ni $269 dan $319 gacha. Ro'yxatda A07, A27, A37 va A57 ham bor, eng ko'p RAM va xotirali versiyalar eng ko'p qimmatlashadi.

Sabab ma'lum: AI data markazlari xotira chiplarini (DRAM) yutib yubormoqda va ularning narxi keskin oshgan. O'rta segmentdagi telefonda xotira umumiy tannarxning katta qismini tashkil qiladi, shuning uchun zarba aynan ularga tushmoqda. Xabarlarga ko'ra, Samsung o'tgan oy Galaxy A ishlab chiqarishini ham ~20 foizga qisqartirgan. Flagmanlarda esa aksincha: Galaxy S27 Pro va Ultra $1 399 va $1 499 dan boshlanishi kutilmoqda.

Yangi Galaxy A olishni rejalashtirgan bo'lsangiz, narxlar yangilanmasidan oldin olgan ma'qul.

Manba: 9to5Google, iPhone in Canada

7. Navier-Stokes: AI yordamidagi yangi isbot OpenAI qoldirgan "teshik"ni yopdi

Suyuqlik oqimining vizualizatsiyasi. Rasm: Scientific American Anthropic logotipi. Rasm: The Next Web

Kecha Riemann gipotezasi, bugun Navier-Stokes. Levent Alpöge uchun juda samarali hafta.

Nyu-York universiteti professori Tristan Buckmaster va Anthropic xodimi Levent Alpöge 20-noyabrda GitHub'da Navier-Stokes tenglamalari tashqi kuchsiz ham chekli vaqtda "portlashi" (blow-up, ya'ni suyuqlik tezligi cheksizga intiladigan nuqta paydo bo'lishi) mumkinligi haqida isbot e'lon qildi. Bu Clay instituti $1 mln mukofot taklif qilgan "Mingyillik masalalari"dan biri.

Kontekst: sentabrda OpenAI bu masalani yechdim degan edi, lekin uning isboti suyuqlikni "aynan kerakli tarzda aralashtiradigan" sun'iy tashqi kuchga tayanardi va ko'p matematiklar buni masala shartidagi teshikdan foydalanish deb bildi. Yangi isbot bu kuchni olib tashlaydi. Ish 79 sahifalik maqola va Lean'da yozilgan ~600 000 qatorlik rasmiy tekshiruvdan iborat. Mualliflar Claude va Codex'dan foydalanganini aytishmoqda.

"After last time, we couldn't risk waiting, so the Navier-Stokes write-up is unpolished and heavily LLM-assisted." — Tristan Buckmaster

Ya'ni, OpenAI bilan bo'lgan janjaldan keyin ular kutib o'tirmay, maqolani xom holida chiqarishgan. Terence Tao strategiya umuman tushunarli ekanini, lekin to'liq yozilgan isbot uchun hali ish borligini aytdi. Raqamli sertifikat ham hali e'lon qilinmagan, shuning uchun natija hozircha tasdiqlanmagan. Riemann haqidagi da'vo haqida kechagi postda yozgan edik.

Manba: Scientific American, The Next Web

8. Ubisoft AI uchun alohida kompaniya ochdi, 166 kishini esa qisqartirdi

Ubisoft'ning Teammates AI eksperimenti: Pablo va Sofia personajlari. Rasm: Ubisoft Ubisoft logotipi. Rasm: GamesIndustry.biz

Assassin's Creed ijodkorlari NPC'larga xotira bermoqchi.

Ubisoft yarim yillik hisobotida Motherbrain nomli sho'ba kompaniya ochganini e'lon qildi. Uning vazifasi: "smart NPCs with memory and AI game masters that manage large-scale systemic worlds", ya'ni o'yinchini eslab qoladigan aqlli personajlar va katta o'yin olamini boshqaradigan AI "o'yin ustasi". Jamoa asosini o'tgan yili Teammates eksperimentini yaratgan guruh tashkil qiladi: unda AI sheriklar o'yinchining ovozli buyruqlariga real vaqtda javob berardi. Motherbrain'ni Ubisoft'da 23 yil ishlagan, Mario + Rabbids prodyuseri Xavier Manzanares boshqaradi.

Yangilikning ikkinchi tomoni ham bor. Shu kunlarda Ubisoft Monreal va Kvebek studiyalarida 166 xodimni qisqartirdi. Kompaniyaning birinchi yarim yildagi net bookings ko'rsatkichi 16,5 foizga tushib €644,7 mln bo'ldi, sof zarar €254,5 mln. Yagona yorug' nuqta: Assassin's Creed Black Flag remeyki tufayli ikkinchi chorak natijasi kompaniya prognozidan yaxshi chiqdi.

Manba: GamesIndustry.biz, Insider Gaming

9. BMT "qotil robotlar" bo'yicha kelisha olmadi: 2 yillik jarayon boshlandi

Avtonom harbiy yer usti dron, Parij ko'rgazmasi. Rasm: TRT World / AFP Harbiy uchuvchisiz samolyot. Rasm: The Verge

AI urushda allaqachon ishlatilmoqda, qonunlar esa hali "muhokama" bosqichida.

Jenevada besh kun davom etgan Muayyan oddiy qurollar to'g'risidagi konvensiya (CCW) konferensiyasi 21-noyabr tongida yakunlandi. 128 davlat nishonni inson aralashuvisiz tanlab, unga hujum qiladigan avtonom qurollar bo'yicha xalqaro hujjat ustida keyingi ikki yil ishlashga kelishdi. Lekin bu hujjat majburiy bo'ladimi, ochiq qoldi. Ayrim davlatlar hatto "negotiate" (muzokara qilish) so'ziga qarshi chiqqan, shuning uchun matnda yumshoqroq "elaborate" (ishlab chiqish) so'zi qoldi.

Ko'pchilik davlatlar majburiy qoidalar tarafdori edi, lekin bunday texnologiyaga ega AQSH va Rossiya qo'llarini bog'lashni istamadi. Qizil Xoch bir yil ichida majburiy qoidalar qabul qilishni so'ragan edi. Stop Killer Robots koalitsiyasi natijani "suyultirilgan mandat" deb atadi.

"Autonomous weapons technology, including AI in the targeting cycle, is being deployed on the battlefield." — Nicole van Rooijen, Stop Killer Robots

Ya'ni, nishonni AI tanlaydigan qurollar allaqachon jang maydonida, qoidalar esa kamida 2028-yilgacha kutadi.

Manba: The Verge, TRT World

Xulosa

Bugungi yangiliklarni bitta ip bog'lab turibdi: ma'lumot. Hukumat bazalari buzilmoqda, AI router'lar prompt'larni sizdirmoqda, kiberxavfsizlik kompaniyalari esa milliardlab dollarga birlashmoqda, chunki talab faqat o'sadi. Shu orada AI data markazlarining xotira chiplariga ishtahasi oddiy Galaxy A narxigacha yetib keldi. Microsoft To Do'ni yopishi esa yana bir eslatma: bepul ilovaga ishonib yashasangiz, ma'lumotlaringiz eksportini doim yaqin tuting.