GTA VI bir kunda $3,79 mlrd ishladi, Nvidia qulab tushdi va yana 6 yangilik
Juma kuni texnologiya olamida pul ikki tomonga oqdi: GTA VI bir kunda istalgan Hollywood blokbasteridan ko'p pul ishladi, Nvidia esa bir kunda deyarli yarim trillion dollarini yo'qotdi. Shu orada Anthropic matematigi 167 yillik jumboqni Claude bilan yechdim, deb chiqdi. Bu da'vo hali tekshirilmagan, lekin hamma shu haqda gapiryapti.
Bugun postda:
- GTA VI birinchi kunda $3,79 mlrd ishladi
- Nvidia aksiyalari 14 foiz qulab tushdi: SEC hisob-kitoblarni tekshirmoqda
- Anthropic matematigi Riemann gipotezasini isbotladim deyapti
- Google Assistant smart speakerlardan butunlay ketadi
- Signal AI agentlarga ekranni o'qishni taqiqladi
- Gemini endi Mac'ni o'zi boshqaradi
- Yevropa Komissiyasiga AI yordamida hujum qilingan
- Nothing'ning ekransiz AI qurilmasi 8-dekabrda chiqadi
1. GTA VI birinchi kunda $3,79 mlrd ishladi: tarixdagi eng katta premyera

Bir kunda $3,79 mlrd. Bu na kino, na musiqa albomi, na boshqa biror o'yin qila olmagan natija.
Rockstar Games va uning egasi Take-Two 20-noyabrda e'lon qilishicha, Grand Theft Auto VI'ning birinchi kundagi chakana savdosi $3,79 mlrd bo'ldi. Kompaniya buni "har qanday sohadagi eng katta ko'ngilochar premyera" deb atadi. O'yin chiqishidan oldin 32,5 mln nusxa sotilgan, bu ham barcha platformalar bo'yicha rekord. Raqam kompaniyaning o'z hisob-kitobi: 19-noyabr kuni oxirigacha butun dunyo bo'yicha savdo. Take-Two buni qanday hisoblaganini, oldindan buyurtmalar ham kirganmi-yo'qmi, aniq aytmadi.
Taqqoslash uchun: 2013-yilda GTA V birinchi 24 soatda taxminan $800 mln ishlagan, $1 mlrd'ga esa uch kunda yetgan. Kino tarixidagi eng katta premyera, Avengers: Endgame, 2019-yilda butun dunyo bo'ylab bir dam olish kunlarida taxminan $1,2 mlrd yig'gan. GTA VI uni bir kunda uch baravardan ko'proq ortda qoldirdi.
| Ko'rsatkich | GTA V (2013) | GTA VI (2026) |
|---|---|---|
| Birinchi kun savdosi | ~$800 mln | $3,79 mlrd |
| Chiqishdan oldingi savdo | — | 32,5 mln nusxa |
| Metacritic | 97 | 99 |
| Narxi | $60 | $80 (kengaytirilgan versiya $100) |
"It is with immense gratitude that we enter a new chapter of Rockstar Games with the release of Grand Theft Auto VI." — Sam Houser, Rockstar Games asoschisi
Ya'ni Rockstar o'yinchilarga minnatdorchilik bildirib, studiya uchun yangi bob boshlanganini aytdi.
Bunday premyerani internet ham sezdi. AQSHdagi eng yirik provayderlardan biri Comcast'ga ko'ra, o'yin chiqishidan bir kun oldin, 18-noyabr, kompaniya tarmog'i tarixidagi eng band kun bo'ldi. Trafik oddiy kundan 31 foiz yuqori bo'lgan. Eng qizg'in paytda Comcast tarmog'idagi butun trafikning 24 foizigacha GTA VI'ni yuklab olishga ketgan. 200 GB'dan katta o'yinni o'n millionlab odam bir vaqtda yuklasa, shunday bo'ladi. Take-Two aksiyalari juma kuni taxminan 2,7 foizga ko'tarildi.
Hozircha o'yin faqat PlayStation 5 va Xbox Series X|S'da chiqqan. PC versiyasi va onlayn rejim keyinroq chiqadi, aniq sana aytilmagan. O'yinning chiqishi va 99 ballik baholari haqida 19-noyabrdagi postda yozgan edik.
Manba: Take-Two Interactive, The Next Web, The Verge
2. Nvidia bir kunda $491 mlrd yo'qotdi: SEC hisob-kitoblarni tekshirmoqda

Juma kuni Nvidia aksiyalari 14 foizga tushib, $126 dan pastga, taxminan $125,53 gacha tushdi. Bir kun ichida kompaniya qariyb $491 mlrd bozor qiymatini yo'qotdi: $3,52 trln'dan $3,03 trln'gacha. Bunga Reuters xabari sabab bo'ldi. Ikki manbaga ko'ra, AQSH qimmatli qog'ozlar komissiyasi (SEC) xodimlari Nvidia'dagi "ehtimoliy buxgalteriya muammolarini" o'rganmoqda.
SEC tergovi borligini seshanba kuni The Wall Street Journal yozgan edi, lekin nima tekshirilayotgani noma'lum edi. Reuters ham tergov qachon boshlangani va qaysi hisob-kitoblar tekshirilayotganini aniqlay olmadi. SEC izoh bermadi, Nvidia javob qaytarmadi. SEC ko'p kompaniyalarni tekshiradi va bularning hammasi ham ayblov bilan tugamaydi.
Tahlilchilar ikki narsaga e'tibor qaratmoqda. Birinchisi, Nvidia daromadni mijoz pul to'lagan joy bo'yicha emas, uning bosh ofisi joylashgan davlat bo'yicha ko'rsata boshlagan. Financial Times'ga ko'ra, bu o'zgarish Singapur orqali hisoblangan savdo ulushi deyarli yarmiga yetgan paytda qilingan. Ikkinchisi, Nvidia mijozlariga chip sotib olish uchun bergan kafolatlar: chorak oxirida ular $118 mlrd bo'lgan, shundan $105 mlrd bitta data center kampusiga to'g'ri keladi.
Aksiya ketma-ket yettinchi hafta tushmoqda. 6-oktyabrdagi $239,24 lik rekorddan beri u 48 foizga arzonlashdi, Nvidia olti haftada taxminan $2,7 trln qiymatini yo'qotdi. Pasayish Jensen Huang kompaniyadan ketishidan ancha oldin boshlangan edi.
Manba: The Verge, The Motley Fool
3. Anthropic matematigi Riemann gipotezasini Claude bilan isbotladim deydi

Matematikadagi eng mashhur ochiq muammolardan biri yechilgan bo'lishi mumkin. Ehtiyotkorlik bilan aytganda, kimdir shunday deyapti.
Anthropic'da ishlaydigan matematik Levent Alpöge o'z saytida Claude bilan birga Riemann gipotezasining isbotini topganini e'lon qildi. 1859-yilda o'rtaga tashlangan bu gipoteza tub sonlarning taqsimlanishi bilan bog'liq va Clay instituti har biri uchun $1 mln mukofot tayinlagan yettita "Ming yillik masalasi"dan biri. Alpöge'ning aytishicha, usul kengaytirilgan versiya, Generalized Riemann Hypothesis'ni ham yechadi.
Isbot odatiy maqola ko'rinishida emas, Lean'da e'lon qilingan. Lean matematik isbotlarni mantiqiy xatoga tekshiradigan dastur. Mashina tekshiruvi uchun sertifikat 17 mln qatordan iborat. Alpöge'ning yozishicha, uni odatiy matnga o'girish 250 000 sahifadan oshib ketgan. Uning o'zi ham hamma qismini to'liq tushunib yetmaganini tan oladi:
"Claude far outpaced me near the finish line." — Levent Alpöge
Ya'ni oxirgi bosqichda Claude uni ancha ortda qoldirib ketgan.
The Verge'ga ko'ra, Alpöge yakshanba kechasi bu haqda Dario Amodei'ga SMS yozgan va e'lonni payshanba kungi IPO'dan keyinga qoldirgan. Anthropic rasmiy izoh bermadi. Kompaniya avgustda Claude Riemann gipotezasi ustida ishlayotganini aytgan, lekin o'shanda "Claude ishlatgan usullar isbotga olib keladi, deb kutmaymiz" degan edi. Clay qoidalariga ko'ra, yechim e'lon qilinib, kamida ikki yil mutaxassislar tekshiruvidan o'tishi kerak. Shuning uchun hozircha bu da'vo, xolos. Endi butun dunyo matematiklari uni tekshirishga tushdi.
Manba: The Verge, Yahoo News / New York Post, Newser
4. Google Assistant smart speakerlardan ketadi, Nest ilovasi yopiladi

Google Assistant'ning so'nggi uyi ham yopilmoqda. Google 20-noyabrda aqlli uy uchun ikki muhim sanani e'lon qildi.
25-yanvar 2027: Nest ilovasi Android, iOS va brauzerda ishlamay qoladi. Nest termostatlari, kameralari va Nest Protect datchiklari endi faqat Google Home ilovasi orqali boshqariladi. Kameralar va video tarixi Google Home'ga o'tkaziladi, Nest Aware (1st Gen) obunalari esa avtomatik ravishda Google Home Premium'ga aylanadi. 25-martdan boshlab Google Nest akkauntlaridagi ma'lumotlarni o'chira boshlaydi.
2-avgust 2027: smart speaker va smart displeylarda Google Assistant o'rniga Gemini for Home keladi. Google'ning aytishicha, Gemini bilan aniq buyruqlarni yodlab olish shart emas, oddiy gapirib, murakkabroq savollar berish mumkin. Telefonlardagi Assistant bu yil kuzda o'chirilgan edi, shuning uchun bu kutilgan qadam.
Kutib o'tirmasdan hozir o'tmoqchi bo'lsangiz, Google Home ilovasida profil belgisini bosing va "Set up Gemini for Home" banneridagi "Get Started"ni tanlang. Kompyuterdan esa home.google.com/gemini sahifasi orqali o'tish mumkin.
Manba: The Verge, Droid Life
5. Signal AI agentlarga ekranni o'qishni taqiqladi

Signal Android va iOS'da skrinshotlarni cheklay boshladi. Sabab: operatsion tizimga o'rnatilgan AI agentlar.
Signal blogidagi postda aytilishicha, Google'ning Gemini Intelligence'i va Apple'ning Siri AI'dagi Onscreen Awareness kabi funksiyalar ekrandagi hamma narsani "skanerlab", AI'ga uzatadi. Shu tariqa Signal'dagi yozishmalar ham ilova nazoratidan tashqaridagi ma'lumotlar bazasi yoki serverga tushib qolishi mumkin. Shuning uchun Signal endi iOS 27'da skrinshotlarni bloklaydi, Android'da esa AI assistent ekranni o'qimoqchi bo'lganini sezsa, uni to'xtatadi.
Himoyani sozlamalardan o'chirish mumkin, lekin Signal bunda siz va suhbatdoshlaringizning xabarlari AI agentlarga ochilib qolishi haqida ogohlantiradi. Kompaniya bu yechim to'liq emasligini ham tan oldi: masalan, agent ma'lumotni fayl tizimidan to'g'ridan-to'g'ri o'qishi mumkin. macOS'da esa umuman bunday himoya qilib bo'lmayapti.
"It is a serious problem that Signal – and application developers beyond – lack robust tools to prevent AI agents from undermining application-level privacy." — Meredith Whittaker, Signal prezidenti
Ya'ni muammo faqat Signal'da emas: ilova yaratuvchilarda AI agentlardan himoyalanish uchun ishonchli vositalar yo'q. Signal Apple, Google va Microsoft'dan oddiy texnik vositalar va aniq hujjatlar so'ramoqda. O'tgan yili Signal xuddi shu usul bilan Windows'dagi Recall funksiyasini bloklagan edi.
Manba: Signal Blog, The Verge
6. Gemini endi Mac'ni o'zi boshqaradi

Google macOS uchun Gemini ilovasiga computer use funksiyasini qo'shdi. Endi AI siz uchun Mac'dagi ilovalarni ochadi, fayllar bilan ishlaydi va fonda saytlarni kezadi.
Siz vazifani yozasiz, Gemini esa uni alohida fon oynasida bajaradi va chatda jarayonni jonli ko'rsatib turadi. Bu vaqtda ekran va kursor sizda qoladi. Gemini qaysi ilovalarga kira olishini o'zingiz belgilaysiz, har bir amalni to'xtatish yoki oldindan tasdiqlash mumkin. Google misol sifatida forma to'ldirish, bir xil ishni o'nlab fayllarda takrorlash, fayllarni papkalarga saralash va taqdimot tayyorlashni keltirdi.
Hozircha funksiya faqat AQSHda, ingliz tilida va Google AI Plus, Pro yoki Ultra obunasi bilan ishlaydi. TechCrunch ta'kidlaganidek, OpenAI, Anthropic va Meta'ning desktop ilovalarida bunday agentlar allaqachon bor, shuning uchun Google biroz kechikdi. Apple ham shunday agent ustida ishlayapti, macOS 27.3 beta'da esa AI agentlarga "full disk access" berishni cheklaydigan yangi sozlamalar paydo bo'ldi.
Manba: TechCrunch, The Verge
7. Yevropa Komissiyasiga AI yordamida hujum qilingan

Yevropa Ittifoqining ijroiya organi AI vositasi ishlatilgan kiberhujum qurboni bo'lganini tasdiqladi.
Komissiya vakili Thomas Regnier'ning aytishicha, hujum 22-oktyabrda aniqlangan va 26-oktyabrda tasdiqlangan. Ehtiyot chorasi sifatida bir nechta tizim vaqtincha o'chirildi: xodimlar maosh varaqasi va ta'til uchun ishlatadigan Sysper, tibbiy xarajatlarni qoplaydigan MyPMO hamda tarjima xizmatlari. Politico'ga ko'ra, nosozliklar 10 kundan ko'p davom etgan. Hozircha ko'p tizimlar tiklangan, lekin Sysper chorshanba kuni yana ishlamay qoldi. Regnier ma'lumot sizib chiqqani haqida dalil yo'qligini va to'lov talabi kelmaganini aytdi.
Komissiya qaysi AI vositasi ishlatilganini aytmadi, lekin Politico manbalariga ko'ra bu ARTEX. U AI agentlar yordamida tizimlarga avtomatik kirib boradigan ochiq pentest framework'i. Muallifi oktyabrda GitHub'dagi repozitoriyni o'chirib yuborgan, lekin kod allaqachon fork'larda tarqalib ketgan edi. Yevropa Ittifoqi institutlarining kiberxavfsizlik xizmati CERT-EU 5-noyabrda ARTEX hujumlari haqida ogohlantirgan. FBI ham internetda 1 600 dan ortiq ochiq ARTEX boshqaruv panelini topgani haqida ogohlantirgan edi.
Manba: The Register, SecurityWeek
8. Nothing'ning ekransiz AI qurilmasi 8-dekabrda chiqadi

Dekabrda chiqishi aytilgan Nothing qurilmasining endi aniq sanasi ma'lum: 8-dekabr.
Kompaniya uni "AI-native" qurilma deb ataydi: ekrani yo'q va Carl Pei aytganidek, "ilova sifatida yaratib bo'lmaydigan" tajriba beradi. Nothing'ning maqsadi AI'ning "context gap" muammosini yopish. AI aqlli bo'lgani bilan sizning kundalik suhbatlaringiz va g'oyalaringizdan bexabar. Yangi tizerda "Be present. It's noted" degan shior bor, shuning uchun qurilma suhbatlarni yozib olib, ularni AI yordamida qaydlarga aylantiradigan diktofonga o'xshash bo'lishi mumkin.
Rasmiy e'londan oldin qurilma rasmi "tasodifan" sizib chiqdi: Swedish House Mafia a'zosi Sebastian Ingrosso Nothing'ni belgilab, MacBook Pro va Nothing Headphone (1) Pro yonida turgan qurilma rasmini joylagan. Engadget uni ikkita bir-biriga yopishtirilgan vape'ga o'xshatdi. Nomi, narxi va xarakteristikalari hali sir.
Manba: The Verge, Engadget, Analytics Insight
Xulosa
Kunning eng qiziq tomoni shundaki, GTA VI rekordi bilan Nvidia'ning qulashi bir xil narsani ko'rsatadi: bozor hamma narsani juda katta raqamlarda o'lchay boshladi, va bu raqamlar ikki tomonga ham tez o'zgaradi. Riemann gipotezasi haqidagi da'vo tasdiqlansa, bu yilning, balki o'n yillikning eng katta ilmiy yangiligi bo'ladi. Lekin matematikada "isbotladim" degan gap bilan "isbotlandi" o'rtasida kamida ikki yil bor. Signal, Google va Apple o'rtasidagi tortishuv esa endi boshlanmoqda: AI agent telefoningizdagi hamma narsani ko'rishi kerakmi? Bu savolga 2027-yilda hali ko'p qaytamiz.