Hujjatchi: bir kunda g'oyadan ishlaydigan Telegram botgacha
Talabalar mustaqil ish uchun kserokschiga pul to'laydi, ishchi ta'til uchun ariza namunasini internetdan qidiradi, kimdir oddiy ijara shartnomasi uchun ham tanish-bilishga murojaat qiladi. Shu bilan birga, hamma Telegram'da yozish va ovoz yuborishga o'rgangan. Hujjatchi — shu ikki narsani bog'laydigan bot: nima kerakligini yozasiz yoki aytasiz, bir necha daqiqada tayyor Word fayl olasiz.
Bu post — loyiha qanday qurilgani, qaysi muammolarga duch kelganim va ularni qanday hal qilganim haqida.
Bot nima qiladi
- Hujjatlar: ariza, tushuntirish xati, ishonchnoma, tilxat, rezyume, oddiy shartnomalar.
- Talabalar uchun: mustaqil ish, referat, kurs ishi (60 betgacha), esse, hisobot.
- Suhbat orqali: bot yetishmayotgan ma'lumotni bir marta so'raydi (kimga, kimdan, OTM, F.I.Sh.), ism va sanalarni o'ylab topmaydi.
- Ovoz va rasm: ovozli xabar yoki topshiriq rasmini ham tushunadi.
- Chegaralar: spravka, diplom, muhrli hujjat kabi rasmiy hujjatlarni yasashni rad etadi.
1. Katta ish qisqarib qolmasligi uchun — rejaga bo'lib yozish
Birinchi sinovda 40 betlik ishni AI bitta urinishda yozdi — va 10–15 betga qisqartirib qo'ydi. Yechim: avval reja tuziladi (kirish, boblar, bandlar, xulosa — har biriga so'zlar soni), keyin har bir bo'lim alohida yoziladi. Natijada 40 betlik kurs ishi ~11 000 so'z bo'lib chiqdi, 15 betlik mustaqil ish — Word'da aynan 16 bet.
Tuzatishda ham shu yondashuv yordam berdi: «2.1 bandni kengaytir» desangiz, faqat o'sha bo'lim qayta yoziladi, qolganlari saqlanadi — 17 soniyada.
2. Adabiyotlar haqiqiy bo'lishi kerak
Til modellari kitob nomlarini «to'qib» yuborishi mumkin. Adabiyotlar bo'limi alohida, Google qidiruvi bilan tekshirib tuziladi: qonunlar (lex.uz bo'yicha nomi, sanasi, raqami), darsliklar va xorijiy manbalar. Sinovda Amir Temur mavzusidagi ro'yxat haqiqiy kitoblardan iborat bo'ldi.
3. Telegraf saboqi: bitta odam hammani kutdirmasin
Telegraf polling'da bitta paketdagi barcha update'lar tugashini kutadi. Kurs ishi 2–4 daqiqa yoziladi — demak shu vaqt ichida bot boshqa hech kimga javob bermaydi. Bitta foydalanuvchida bu ko'rinmaydi, o'nta odamda bot «qotadi». Og'ir ish handler ichida kutilmaydi: u bazaga yoziladi (job) va orqa fonda bajariladi.
4. Ishonchlilik
- Ish har bir bo'limdan keyin bazaga saqlanadi: server qayta ishga tushsa ham davom etadi, xato bo'lsa kredit qaytadi va «Davom ettirish» tugmasi chiqadi.
- Google AI band bo'lsa (429) — kutib qayta urinish, keyin zaxira model; bir vaqtdagi AI so'rovlari cheklangan.
- Word fayl o'quv ishi talablari bo'yicha: Times New Roman 14, 1,5 interval, titul varag'i, mundarija, sahifa raqamlari, bob yangi betdan.
- Testlar, kunlik zaxira nusxa (tiklash sinab ko'rilgan), GitHub Actions.
5. To'lov va boshqaruv
Birinchi hujjat bepul, keyin kreditlar. To'lov Uzcard/Humo kartaga o'tkazma bilan: har bir to'lovga takrorlanmas summa beriladi, o'tkazma kelsa telefonga signal keladi va admin bir bosishda tasdiqlaydi. Boshqaruv alohida panel emas — Moliyachi AI admin paneliga «Hujjatchi» bo'limi sifatida qo'shildi.
Natija
G'oyadan to'lov qabul qiladigan, ishlaydigan botgacha bir kun ketdi. Stack: Node.js, Telegraf, MongoDB, Gemini (Vertex AI) va Google qidiruvi, docx.
Sinab ko'ring: @hujjatchi_aibot — birinchi hujjat bepul. Loyiha sahifasi: Hujjatchi.